ZIRAAT BANK UZBEKISTAN O‘ZBEKISTON-TURKIYA SAVDO-IQTISODIY FORUMIDA ISHTIROK ETDI
15-may kuni Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi bilan Turkiya Respublikasi o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 8-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir doirasida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida O‘zbekiston-Turkiya biznes-forumi va sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasi ham bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov va Turkiya Respublikasi vitse-prezidenti Javdat Yilmaz boshchiligidagi rasmiy delegatsiyalar ishtirok etdi.
Ziraat Bank Uzbekistan bank raisi boshchiligida forumning keng ko‘lamli ishbilarmonlik dasturida ishtirok etdi. Tadbirda ishtirok etish bankning O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash va kengaytirishga intilishining yana bir tasdig‘i bo‘ldi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda Turkiya kapitali ishtirokida 2 mingga yaqin kompaniya faoliyat yuritayotgani ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Ziraat Bank Uzbekistan bundan buyon ham O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi savdo aloqalarini rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi.