Bankdagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari to‘g‘risida 

Sizning bankdagi barcha omonatlaringiz kafolatlangan!

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 18.02.2025 yil kuni imzolangan “Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga asosan omonatchilar uchun bir qancha quyidagi yangi kafolatlar joriy etildi: 

-  Kafolatlangan omonat miqdori endi bitta bankdagi har bir omonatchi uchun 200 million so‘mni tashkil etadi. Ushbu Qonunda belgilangan kompensatsiya miqdori fuqarolarning ushbu Qonun kuchga kirgan sanadan oldin qo‘yilgan omonatlariga nisbatan tatbiq etilmaydi, bundan quyidagilar mustasno:
-    ushbu Qonun kuchga kirganidan keyin summalari kompensatsiya miqdoridan ortiq miqdorda oshirilgan va qaytarish muddati uzaytirilgan omonatlar;
-    qaytarilishi birinchi talab bo‘yicha amalga oshiriladigan omonatlar va boshqa talablar.
Ushbu Qonun kuchga kirgan sanada litsenziyasi chaqirib olingan banklarda kafolatlash obyektlari bo‘yicha haq to‘lash litsenziya chaqirib olingan paytda amalda bo‘lgan qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.

-  Omonatingiz 200 million so‘mdan kam bo‘lsa, u to‘liq kafolatlanadi; 

-  Endilikda kafolatlar nafaqat jismoniy shaxslarga, balki tadbirkorlik subyektlariga, jumladan, yakka tartibdagi tadbirkorlarga ham tegishli. 

Nega depozit kafolati kerak? 

-  Omonatchilarni himoya qilish: Bank tugatilgan taqdirda omonatchilar o‘z mablag‘larini qaytarishlari mumkin bo‘ladi; 

-  Raqobatni rag‘batlantirish: Banklar yuqori foiz stavkalari orqali emas, balki barqaror faoliyati orqali raqobatlashadi. 

Omonatingiz 200 million so‘mdan oshsa nima qilish kerak? 

-  Belgilangan kafolat miqdori kattaroq miqdorlarni joylashtirishni taqiqlamaydi. Pulni bankda saqlash uyda saqlashdan ko‘ra xavfsizroq va foydaliroqdir; 

-  Kafolatlangan miqdor faqat bank tugatilgan taqdirda amal qiladi. Boshqa hollarda, banklar o‘z majburiyatlarini bajarishda davom etadilar. 

Kompensatsiyani to‘lash muddati: 

-  Ilgari omonatlarni qaytarish muddati 83 kun bo‘lgan bo‘lsa, endi u 20 ish kuniga qisqartirildi va bosqichma-bosqich 7 ish kuniga qisqartiriladi; 

-  Pulingizni belgilangan muddatda olishga ulgurmasangiz ham, o‘zingizga qulay vaqtda Agentlikdan olishingiz mumkin bo‘ladi. 

Sizning bankimizdagi barcha omonatlaringiz kafolatlangan! 

Ziraat Bank Uzbekistan AJ Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi reyestri hisobida turuvchi banklar qatoridadir va ushbu ma'lumotni "Omonatlarni Kafolatlash Agentligi" Davlat muassasasining quyida keltirilgan rasmiy vebsaytida REYESTR tugmasiga o'tish orqali tanishishingiz mumkin.

"Omonatlarni Kafolatlash Agentligi"
Davlat muassasasi rasmiy vebsayti

27/02/2026